Bankirlar mijozning 300 ming dollarini cho‘ntagiga urdi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida tijorat banki mas’ullari fuqaroning omonatdagi 500 ming dollaridan 300 ming dollarini uning nomidan qalbaki hujjatlar rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan. Tekshiruvda tijorat banklaridan birining mas’ul shaxslari fuqaro I.M.ning bankdagi 500 ming AQSH dollarlik omonatidan 300 ming dollarni uning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish orqali o‘zlashtirib, talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik S. A. Turkiya hududida qo‘lga olingani hamda O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing