Bangladeshda harbiy samolyot kollej hududiga quladi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
21 iyul 4070 1 daqiqa
Bangladesh Harbiy-havo kuchlarining F-7 BGI o‘quv samolyoti 21 iyul kuni poytaxt Dakkaning Uttara hududida halokatga uchradi. Bu haqda “Prothom Alo” xabar berdi.
Idoralararo jamoatchilik bilan aloqalar departamentining xabar berishicha, samolyot soat 13:06 da havoga ko‘tarilgan, shundan so‘ng u maktab va kollej binosiga qulagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot maktab oshxonasining tomiga qulagan, shundan so‘ng yong‘in boshlangan. Voqea joyida uchta o‘t o‘chirish bo‘limi ishlamoqda.
O‘t o‘chirish boshqarmasiga ko‘ra, bir kishi halok bo‘ldi. Yana to‘rt nafari samolyot bilan Birlashgan harbiy gospitalga yetkazilgan.
“Reuters” agentligining xabar berishicha, aviahalokat oqibatida 50 dan ortiq kishi, jumladan, bolalar va kattalar kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning soniga aniqlik kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyun kuni Air India aviakompaniyasining AI171 reysi bo‘yicha Ahmadoboddan Londonga yo‘l olgan Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Gujaratdagi Ahmadobod aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchragan edi. Samolyot bortida 242 kishi – 230 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot tibbiyot kolleji yotoqxonasiga borib, turar-joy hududiga qulagandi. Qurbonlar bortdagilar va shahar aholisi bo‘lgan. 270 dan ortiq odam vafot etgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr