Bandlik vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi
Jamiyat
−
19 fevral
3981Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklandi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 14 fevral kuni qabul qilingan “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bog‘liq quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklandi, jumladan:
- aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
- tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo‘yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va ularni kambag‘allikdan chiqarish.
Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash tuzildi. Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etiladi:
- har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyiha uchun BHMning 100 baravaridan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
- usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kurs uchun BHMning 15 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;
- muayyan mahalladagi 50 foiz xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta dehqonlarga 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
- tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarga tijorat banklari orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi;
- aholi tomorqalari va ijara yerlarida ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilishda bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltirilishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi