“Och qoringa – namakob”. Mehnat huquqini himoya qiladigan vazirlik xodimlarining o‘zi vazirlikdan norozi
Jamiyat
−
20:51 3292 6 daqiqa
Avvalroq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi rahbari Abduhalil Rahmonov markaz tarkibidagi Kasb-hunarga o‘qitish bo‘limining 13 nafar xodimi bilan mehnat shartnomasini asossiz ravishda bekor qilgani haqida xabar berilgan edi. Bu sudda ham o‘z isbotini topganiga qaramay xodimlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan 769 mln so‘m ish haqi, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya va ma’naviy zarar bugunga kelib 2 mlrd 91 mln 473 ming so‘mga oshib ketgan. Birinchi murojaat e’lon qilinganidan 4 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa ham muammo ijobiy yechim topmayapti. Bu borada jabrlanuvchilar yana QALAMPIR.UZ eshigini qoqdi.
Murojaatchiga ko‘ra, muammo ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgandan so‘ng Rahmonov ularni qisman ishga tiklagan bo‘lsa ham oyliklar to‘liq berilmayapti, sud qarorida ko‘rsatilgan majburiy progul kunlariga hisoblangan ish haqlari, kompensatsiya pullari hali hanuzgacha to‘lanmay kelinmoqda. Ijro ishini Bosh prokuratura va respublika Majburiy ijro byurosi nazorat qilishiga qaramasdan, tashkilotdagi rahbariyat va boshqa xodimlarga oylik ish haqlari o‘z vaqtida berilmoqda.
“Biz bo‘shashdan oldin shtatdagi xodimlar edik, sud qarorida oldingi ish o‘rniga tiklansin deyilgan, biz markazda dars berganmiz, lekin hozirda shtatga emas, shunchaki Oliy sudga protest kiritish uchungina buyruq qabul qilingan. Lekin Oliy sud Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati qarorini uz kuchida qoldirgan. Biz ishxonaga borib faqat bir sovuq xonada o‘tirib kelamiz, mehnat sharoitlari yaratilmagan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Mehnat inspeksiyasiga bir necha bor murojaat ham qilganmiz, lekin natijasi yo‘q. Bizning shtat jadvalimizni vazirlik tasdiqlaydi, aslida. Lekin bunga ruxsat yo‘q. O‘zlari butun respublika bo‘ylab mehnat qonunchiligidan dars berishadi, amalda mana shu ahvol”, deydi murojaatchi.
.jpg)
Shu orada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovning o‘rinbosari Alisher Murodovga nisbatan sud qarorini muhokama qilish vakolati bor-yo‘qligi masalasida savollar paydo bo‘ldi.
Murojaat muallifining ta’kidlashicha, ularga vazirlik vakillari tomonidan muayyan shartlar qo‘yilgan.
“Sud qarorini muhokama qilishga kimning vakolati bor? Ya’ni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovning o‘rinbosari Alisher Murodovga shunday vakolat berilganmi, bizga ular tomonidan shartlar qo‘yilmoqda, ya’ni biz agar sud qarorida ko‘rsatilgan summalarning ma’lum qismidan voz kechsak, ishdan bo‘shashga ariza yozsak, mablag‘lar to‘lab berilar ekan (ushbu kelishuv haqida audio yozuv mavjud)”, deydi u.
Yuqoridagi sudning qaroridan norozi tashkilot rahbari Abduhalil Rahmonov tomonidan respublika Oliy sudiga kiritgan shikoyati qaytarilgan va oldingi sud qarorlari o‘z kuchida qolganligiga qaramasdan, yuqoridagi tizimda ushbu talablar bajarilmayapti.
“Bizningcha, bandlik vazirligi uchun, mehnat huquqlari uchun kurashadigan asosiy idoraga yuqoridagi holatlar juda uyatli. Afsuski, shu kunga qadar shuncha qonunbuzarliklar ortidan birorta mas’ul xodimning jazolanganini eshitmadik. Ushbu vazirlik va tasarrufidagi tashkilot mehnat munosabatlari yo‘nalishida jiddiy islohotlarga muhtoj”, deya qo‘shimcha qiladi jabrlanuvchi xodim.
QALAMPIR.UZ mazkur masala bo‘yicha Majburiy ijro byurosi bilan bog‘landi. Tashkilot matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latovga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2025 yil 6 iyundagi qarzdor O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markaziga ishga tiklash va majburiy progul vaqti uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati byuroning Yangihayot tuman bo‘limi ish yurituviga 2025 yil 6 iyulda kelib tushgan.
Byuroning tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Xususan, da’vogar M.A. va boshqalarga ish haqini undirib berish maqsadida markazning hisob raqamiga band solish hamda hisob raqamidan qarzdorlik uchun pul mablag‘ini bo‘lim depozit hisob raqamiga o‘tkazib berish bo‘yicha g‘aznachilik bo‘limiga qaror yuborilgan. Shuningdek, qarzdorning 2 ta avtotransport vositasiga band solingan.
Bundan tashqari, sud qarori ijrosini ta’minlamagani sababli markaz direktori Abduhalil Rahmonovga nisbatan 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-1-moddasi (Qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Byuro tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida markaz direktorining 2025 yilning 2 oktyabr kungi hamda 23 oktyabr kungi undiruvchi O‘.M. va M.A. hamda yana 11 nafar sobiq xodim tegishli buyruqlari asosida avvalgi ish joyiga tiklangan.
Shuningdek, bo‘lim depozit hisob raqamiga kelib tushgan 100 mln so‘m pul mablag‘lari teng taqsimlanib, undiruvchilarning hisob raqamlariga o‘tkazib berilgan.
Mazkur ijro hujjati yuzasidan ijro harakatlari davom ettirilib, 2025 yilning 11 dekabr hamda 19 dekabr kunlari qarzdor O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markaziga tegishli bo‘lgan jami 41 turdagi 433 dona tovar moddiy boyliklar olib chiqilib, saqlash hamda realizatsiya qilish uchun “R.T” MCHJga topshirilgan.
Shuningdek, mazkur ijro hujjati yuzasidan 2025 yilning 22 dekabr kuni baholovchi MCHJga qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni baholash yuzasidan mutaxassis tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Mazkur ijro hujjati yuzasidan qarzdorga tegishli mulklar baholovchi MCHJning 2026 yil 13 yanvardagi baholash xulosasiga ko‘ra, mulklar 205 mln 235 ming so‘mga baholangan. MIBga ko‘ra, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qonuniy taqsimlanishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, joriy yilning 21 yanvar kuni qarzdorning Sergeli tumani G‘aznachilik bo‘limidagi barcha hisob raqamlariga taqiq o‘rnatilgan. Ammo 21 yanvardagi taqiqqa qaramasdan tashkilot rahbariyati va boshqa bo‘lim xodimlari yanvar oyligini olgan, taqiqning qanday ochilgani noma’lum.
Ushbu mojarolar fonida joriy yilning 26 yanvar kuni markaz rahbari Abduhalil Rahmonov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovga murojaat qilib, asossiz ishdan olingan xodimlardan ayni damda majburiy progul xarajatlarini va har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya hamda ma’naviy zararni qoplash uchun jami 2 mlrd 91 mln 473 ming 830 so‘m miqdorida qarzdorlik mavjud ekanini bildirgan.
Shu munosabat bilan Rahmonov vazirdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7 noyabrdagi 706-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 36-bandi uchinchi xatboshisiga ko‘ra, Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 23 maydagi 3-1243/25-sonli ajrimida keltirilgan kompensatsiya va hamda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudining 2025 yil 29 sentyabrdagi 2-1005-2511/75421-sonli ish haqi, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya va ma’naviy zarar hisobidan kompensatsiya undirish haqidagi hal qiluv qarori ijrosini ta’minlash va mavjud qarzdorlikni qoplash uchun jami 2 mlrd 91 mln 473 ming 830 so‘m miqdorida Bandlik jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan markazning smeta xarajatlarini moliyalashtirishda amaliy yordam berishini so‘ragan.
QALAMPIR.UZ ushbu masala yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan rasmiy munosabat kutib qoladi.