Sirdaryoda soxta MIB xodimi qo‘lga tushdi
Olam
−
19:16 1205 1 daqiqa
Sirdaryo viloyatida ijro ishlari bo‘yicha 10,2 mln so‘mlik qarzdorlikni yopib berish evaziga 4 mln so‘m olgan soxta Majburiy ijro byurosi xodimi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmalari IIV Sirdaryo viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, S.T. ismli fuqaro o‘zini davlat ijrochisi deb tanishtirib, fuqaro B.A. dan byuro organlaridagi tanishlari orqali ijro ishlari bo‘yicha 10,2 mln so‘mlik qarzdorligini bartaraf qilib berish evaziga 4 mln so‘m pul talab qilgan.
Kecha, 15 aprel kuni o‘tkazilgan tadbirda S.T. fuqaro B.A. dan 4 mln so‘m pul olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. O‘rganishda qo‘lga olingan S.T. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida ishlamayotgani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan C.T. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi va 28, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli tumanida o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtirib, muammoni hal qilib berish evaziga 30 ming dollar talab qilgan shaxs ushlangandi.
Live
Barchasi