Baku va Yerevan yana bir-biriga “tosh otdi”

Olam

image

Bugun, 4 may kuni Pragada Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan Ozarbayjonning Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ygani sababli (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat inqirozli tus olganini aytdi va xalqaro hamjamiyat Baku harakatlariga maqsadli baho berishga chaqirdi. 

“Mana to‘rt oydirki, Tog‘li Qorabog‘da gaz ta’minoti uzilgan, elektr ta’minotida uzilishlar mavjud, oziq-ovqat mahsulotlari talon bilan sotilmoqda, bu esa gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. Tog‘li Qorabog‘ va Lochin yo‘lagiga xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborish zarur deb hisoblaymiz. Xalqaro hamjamiyat Ozarbayjon harakatlariga maqsadli baho berishi kerak”, degan Armaniston Bosh vaziri.

Shuningdek, u tarang vaziyatga qaramay, Yerevan mintaqada tinchlikka erishish tarafdori ekanini qo‘shimcha qilgan.

Pashinyanning bunday chiqishidan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot e’lon qilib, Armaniston Bosh vazirining ayblovlari asossiz ekani va uni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini aytgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Armaniston Bosh vazirining Ozarbayjonning suveren hududida “Lochin” chegara punktini tashkil etish masalasiga bergan izohi mintaqada tinchlik o‘rnatish manfaatlariga xizmat qilmaydi. Baku Yerevanni Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashmaslikka va tajovuzkor ritorikadan voz kechishga chaqirgan.

“Armaniston tarix saboqlarini olmagan. Aks holda, Yerevan qandaydir “etnik tozalash” haqida bema’ni da’volarni ilgari surgandan ko‘ra, o‘z jinoyatlarini, ozarbayjonlarni deportatsiya qilish siyosatini tan olgan va kechirim so‘ragan bo‘lardi. Baku va Yerevan o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar fonida arman tomonining buzg‘unchi bayonotlari mintaqada tinchlikka xizmat qilmaydi”, deya ta’kidlanadi Ozarbayjon TIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Lochin yo‘lagiga Ozarbayjon tomonidan nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilishi ortidan Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyani vaziyatga aralashishga chaqirgandi. Bu orada AQSH Yerevan va Bakuga muzokaralarni davom ettirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Rossiya tomoni esa vaziyatga qo‘p oylik harakatsizlik sabab bo‘lganini aytib o‘tdi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 29 aprelda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga, 30 aprelda esa Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga telefon qilib, mintaqada tinchlikka erishish imkoni borligi, buning uchun bevosita muloqot va diplomatiya kerakligini aytdi. Shundan so‘ng, 1 may kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Jayhun Bayramov va Armaniston Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan Vashington chekkasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken vositachiligida uchrashdi. Tez orada bunday uchrashuv Moskvada ham o‘tkazilishi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Pashinyan Lochin yo'lagi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing