“Baxti Tashkentskiy” va o‘g‘illari tergovi tugab, ish sudga yuborildi

3-sahifa

image

Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning dekabr oyida mamlakatda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida qo‘lga olinganidan xabaringiz bor. Ayni vaqtda “Baxti Tashkentskiy” va unga aloqador bo‘lgan 30 dan ortiq kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tergovi tugatilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev boshchiligida jami 30 dan ortiq kishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 165-moddasi (tovlamachilik), shuningdek, boshqa moddalar bilan ayblanmoqda. 

Tergovga jalb qilinganlar va ayni vaqtda ushbu ayblovlar bilan hibsda saqlanayotganlar orasida Baxtiyor Qudratullayevning ikki o‘g‘li – 1996 yilda tug‘ilgan Ixtiyor Qudratullayev va 1994 yilda tug‘ilgan Bekzod Zafarov ham bor. 

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Qudratullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi –  juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlanib, hibsga olingandi. Keyinchalik, u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandiga qo‘shimcha ravishda, ushbu moddaning “v” bandi – uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etganlikda ham ayblangani ochiqlandi. 

Joriy yilning fevral oyiga kelib, Baxtiyor Qudratullayevga Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Shundan so‘ng uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, u tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baxti Tashkentskiy Baxtiyor Qudratullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing