“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li ham ushlandi
3-sahifa
−
24 dekabr 2023
45381O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida poytaxt Toshkentda yana olti kishi qo‘lga olindi. Ular orasida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev ham bor.
Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, qo‘lga olingan.
Shuningdek, hibslanganlar ro‘yxatidagi 1994 yilda tug‘ilgan Begzod Baxtiyorovich Zafarov ham “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li ekani aytilmoqda. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan ayblanmoqda.
Shuningdek, Toshkentda davom etayotgan jinoiy olamga kurash tadbirlarida birinchi marta ayol kishi qo‘lga olindi. U 1983 yilda tug‘ilgan Nargiza Rustamovna Jumaniyazova. Ayol Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Quyidagilar:
1975 yilda tug‘ilgan Jahongir Jo‘rayevich Badalov (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-moddasi 3-qismi, 168-moddasi 1-qismi);
1978 yilda tug‘ilgan Sherali Ro‘ziyevich Sulaymonqulov (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-moddasi 3-qismi);
1995 yilda tug‘ilgan Akmaljon Narimon o‘g‘li Tursunboyev (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-moddasi 2-qismi) qo‘lga olingan.
Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.
“Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxslardan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi IIBB xabarida.