“Baxti Tashkentskiy”ga yana bir ayblov qo‘yildi
3-sahifa
−
08 fevral
25126Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga yangi ayblov qo‘yildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga huquq-tartibot organlaridagi manbasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yil oxirida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida qo‘lga olingan Baxtiyor Qudratullayevga yana bir ayblov qo‘yilgan.
Manbaga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi esa o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Agar Baxtiyor Qudratullayevga qo‘yilgan qo‘shimcha ayblov o‘z isbotini topsa, u 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Qudratullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlanib, hibsga olingandi. Keyinchalik, u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandiga qo‘shimcha ravishda, ushbu moddaning “v” bandi – uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etganlikda ham ayblangani ochiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Shundan so‘ng uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, rad etilgan.
15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, u tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.