“Baxti Tashkentskiy”ga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
19 iyul
33565Bugun, 19 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sud hukmi o‘qildi. Bu haqda sud zalidan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev ba’zi moddalar bo‘yicha aybsiz deb, ba’zi moddalarga ko‘ra esa aybli deb topilgan. Sud unga uzil-kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli kaloniyada o‘tashi belgilandi.
Oldinroq prokuror suddan Baxtiyor Qudratullayevga qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topgani, yengillashtiruvchi holatlar mavjud emasligini va boshqa barcha holatlarni inobatga olib, Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 165-moddasi (Tovlamachilik), 168-moddasi (Firibgarlik), 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 276- (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, ya’ni bir necha jinoyatlar sodir etganlik uchun uzil-kesil jazo tayinlash yo‘li bilan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, Jinoyat kodeksining 34-moddasini qo‘llab, “Baxti Tashkentskiy”ni o‘ta xavfli retsidivist deb topish va tayinlangan jazo muddatini maxsus tartibli koloniyada o‘tashini so‘ragandi.
Qolaversa, davlat ayblovchisi suddan Qudratullayevni Jinoyat kodeksining 96-moddasi (Jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash)ni qo‘llab, giyohvandlik moddalaridan majburiy davolashni belgilashni ham so‘ragan.