Babayan “Navbahor”ni rasman tark etdi
Sport
−
29 iyun
7030Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan jamoani tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, sog‘ligida muammolar yuzaga kelganligi va davolanish ko‘p vaqtni talab etishi bois klub Babayan bilan tuzilgan shartnomani bekor qilgan. Bu “Navbahor” klubi rahbariyati hamda jamoa bosh murabbiyi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asosan amalga oshirilgan.
Samvel Babayan murabbiyligi ostida “Navbahor” Superligada 2022 yilda 2-o‘rin, 2023 yilda esa 3-o‘rinni egallagan. Shuningdek, o‘z tarixida ilk marta Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL)ning 2023-2024 yillar mavsumi bahslarida ishtirok etgan “lochinlar” qit’aning mazkur nufuzli musobaqasida 1/8 finalgacha yetib borgan.
“Uning qo‘l ostida “lochinlar” ortda qolgan 2,5 yil davomida Superligada 64 ta o‘yin o‘tkazib, 33 g‘alaba, 20 ta durang va 11 ta mag‘lubiyatni qayd etib, to‘plar nisbati 83:45 ni tashkil etgan holda, jami 119 ochko to‘plashdi. Biz Samvel Vyacheslavovichga “Navbahor”dagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, tezroq shifo topishi, keyingi faoliyatida esa omad yor bo‘lishini tilaymiz”, deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, Babayan bundan avval “Paxtakor”, “Spartak”, “Lokomotiv”, “Chanchun Yatay” hamda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan. 2021 yilgi mavsum yakunlanganidan so‘ng, “Navbahor” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangandi.