Osiyo kubogi oldidan tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi – Kannavaro
Sport
−
13:33 2913 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi tarkibida bir qator o‘zgarishlar va yosh futbolchilarga e’tibor berilishini aytib o‘tdi. Bu haqda Kannavaro Jahon chempionati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Italiyalik mutaxassis anjumanda o‘z qo‘l ostida terma jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganiga ishonishini ta’kidladi.
“Men kelganimdan keyin terma jamoa o‘yinida kuchayish sezildimi? Javobim: ha”, deydi Kannavaro.
Bosh murabbiyning aytishicha, 2027 yilgi Osiyo kubogi oldidan terma jamoa tarkibida bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi va yosh futbolchilarga yanada ko‘proq imkoniyat beriladi.
“Osiyo kubogi oldidan tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi. Biz yosh futbolchilarni ko‘proq jalb etamiz”, dedi u.
Kannavaro, shuningdek, yosh hujumchi Behruz Karimov misolida iqtidorli futbolchilarga ishonch bildirishda davom etishini qayd etdi.
“Behruz Karimovni Kolumbiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushirganimda ko‘pchilik buni katta tavakkalchilik deb baholagandi. Biroq men yoshlarga ishonishda davom etaman”, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DRga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchrab, 0 ochko bilan mundialni yakunlagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fabio Kannavaro mazkur anjumanda xorijlik murabbiy bo‘lgani uchun u haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalgani va terma jamoada shunday ma’lumotlarni tarqatgan “kalamush” borligini aytgandi.
Live
Barchasi