Terma jamoa ichida “kalamush” bor – Kannavaro

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro xorijlik murabbiy bo‘lgani uchun u haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalgani va terma jamoada shunday ma’lumotlarni tarqatgan “kalamush” borligini aytdi. Bu haqda Kannavaro Johon chempionati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Anjumanda OAV vakillarining savollariga javob berar ekan, italiyalik mutaxassis yillik 4 million yevro maosh olayotgani haqidagi ma’lumotlarni yana bir bor rad etdi.

“Yana aytaman, men buncha pul olmayman. Kimdir yana noto‘g‘ri ma’lumot tarqatyapti. Nega bunday bo‘layotganini bilmayman. Balki xorijlik murabbiy bo‘lganim uchun shunday bo‘layotgandir, balki terma jamoa ichida “kalamush” bo‘lgani uchun shunday bo‘lgandir”, deydi Kannavaro.

Shuningdek, bosh murabbiyning ta’kidlashicha, u murabbiylar shtabidagi ayrim mutaxassislarning maoshini ham shaxsan o‘zi to‘lamoqda.

“O‘FA bilan tuzilgan shartnomamga ko‘ra, o‘zim bilan olib kelgan murabbiylarga ham cho‘ntagimdan maosh to‘layman. Rolando Byanki umuman tekinga kelib, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ishlashga rozi bo‘ldi. Agar biz yana yangi murabbiylarni jalb qilayotgan bo‘lsak, bu ularga O‘FA maosh to‘layapti, degani emas. Ularni o‘z mablag‘im hisobidan olib kelyapman”, deya qo‘shimcha qildi Kannavaro.

Matbuot anjumani davomida Kannavaro terma jamoa atrofida tarqalayotgan ayrim ma’lumotlarga va unga bo‘lgan tanqidlarga to‘xtalar ekan, qayta va qayta “balki xorijlik murabbiy bo‘lganim uchun shunday bo‘layotgandir” deya ta’kidladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing