BAA O‘zbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini yubordi

Jamiyat

image

Birlashgan Arab Amirliklari koronavirus pandemiyasining keskin tus olishi munosabati bilan O‘zbekistonga insonparvarlik yordamini yubordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi –  Triatlon federatsiyasi raisi, Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.  

“Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor etaman! Bugun 8 tonnadan ortiq gumanitar yordam maxsus reys bilan Toshkent aeroportiga olib kelindi. 

Tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar, himoya kostyumlari va boshqa vositalar bizga COVID-19 hujumiga qarshi turishga yordam beradi. Biz bu og‘ir damlarda yolg‘iz emasligimizni bilishdan mamnunmiz va ayniqsa mamlakatingiz old qatorlarda koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan bir paytda bizni ham qo‘llab-quvvatlayotganingizni qadrlaymiz. Sizga egilib ta’zim qilamiz, vatandoshlarimning duolari ushbu sinov paytida sizni va yaqinlaringizni himoya qilsin!”, deb yozadi Otabek Umarov. 

Ayni vaqtda Birlashgan Arab Amirliklarida ham koronavirus bilan bog‘liq vaziyat havas qilgudek emas. Dunyoning turistik markazi bo‘lgan BAA ko‘chalari bo‘shab qolgan. Mamlakatda karantin e’lon qilingan. Bugungacha 333 kishi koronavirusga chalingan bo‘lsa, ulardan ikki nafari vafot etgan, 52 kishi virusdan sog‘aygan. 

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar 88 kishini tashkil etmoqda. Mamlakatda koronavirusga chalingan ilk bemor 15 mart kuni qayd etilgan bo‘lsa, 27 mart kuni ushbu kasallikdan birinchi o‘lim holati kuzatildi. Mamlakatda 100 mingga yaqin kishi karantinga olingan

O‘zbekiston koronavirus dunyoga quloch yozishni boshlagan davrda ikki marta XXRga, bir marta Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordamini yubordi. 

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov O'zbekiston-BAA koronavirus insonparvarlik yordami

Baholaganlar

480

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing