BAA sarmoyadorlari “Manchester Yunayted”ni sotib olmoqchi

Sport

image

Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan noma’lum sarmoyadorlar konsorsiumi “Manchester Yunayted”ning asosiy egasi Glazerlar oilasi nazoratidagi aksiyalarni sotib olish bo‘yicha taklif bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, sarmoyadorlar taklifning muhim qismi sifatida klub afsonasi Devid Bekxemdan yordam so‘ragan. Ular Bekxemga klub elchisi sifatida ishtirok etish taklifini bergan. Shuningdek, 50 yoshli sobiq futbolchiga agar istasa, o‘zining sobiq jamoasiga sarmoya kiritish imkoniyati ham taklif qilingan.

Bekxem avvalroq Glazerlar oilasining klubni 20 yildan beri boshqarishini tanqid qilgan edi. Ularning davrida “Yunayted” 1,2 milliard funt sterling miqdoridagi qarzlar, foiz to‘lovlari, dividendlar va oilaviy to‘lovlarga duch kelgan.

Hozirda “Yunayted”ning umumiy qiymati 2 milliard funt sterlingga baholanmoqda, ammo Glazerlar klubni sotish uchun taxminan 5 milliard funt sterling atrofida narx belgilagan. Ular 2023 yilda o‘z ulushlarining 30 foizidan kamini britaniyalik milliarder Ser Jim Retkliffning “INEOS” kompaniyasiga sotgan edi.

Saudiya Arabistoni hukumati rasmiysi Turki Al ash-Sheyxning so‘zlariga ko‘ra, klub hozirda potensial sotuv bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, bu jarayonda Bekxem bilan bir qatorda fransuz milliarder Rodolf Saade ham ishtirok etmoqda. 

 Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Yunayted” 2006 yilda so‘nggi bor ta’mirlangan “Old Trafford”dan voz kechib, “Shimoliy Uembli” deb ataluvchi yangi arenani barpo etishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Yunayted BAA Devid Bekxem

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing