BAA Prezidenti birinchi marta Fransiyaga bordi
Olam
−
18 iyul 2022
7990Bugun, 18 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol-Nahyon ikki kunlik davlat tashrifi bilan Fransiyaga bordi. Uni Parijda Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron kutib oldi.
Mazkur tashrif Shayx Muhammad bin Zoidning BAA Prezidenti sifatidagi siyosiy tarjimai holidagi birinchi tashrifdir.
“Mamlakatlarimiz ko‘p sohalarda uzoq yillik hamkorlikni davom ettirmoqda. Biz farovon kelajak sari yo‘lda hamkorlik va aloqalarni yanada mustahkamlashga intilamiz”, degan BAA Prezidenti.
Ta’kidlanishicha, ikki davlat yetakchilari dunyo oldida turgan asosiy muammolarni, jumladan, iqlim o‘zgarishi, energetika va iqtisodiy barqarorlik sohalarida hal qilish uchun ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ikki kunlik tashrif davomida energetika sohasida bir qancha shartnomalarni imzolash, shuningdek, Fransiya-BAA ishbilarmonlari kengashini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Shayx Muhammad Zoid Fransiyaning yuqori darajadagi rasmiylari, jumladan, Bosh vazir Elizabet Born va Milliy Assambleya Prezidenti Yael Braun-Pive bilan uchrashadi.
OAV xabarlariga ko‘ra, Ukraina-Rossiya urushi tufayli G‘arb davlatlarining Moskva bilan aloqalari yomonlashishi fonida Fransiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun neft hamda gaz ta’minoti masalasi kun tartibiga chiqqan. Fransiya BAA bilan neft va dizel ta’minoti borasida muzokaralar olib bormoqda.
Birlashgan Arab Amirliklarining Fransiyaga eksporti 2019 yilda 1,5 milliard yevroni tashkil etib, rekord darajaga yetdi. Eksportning aksariyatiasosiy qismini neft mahsulotlari tashkil qilgan, biroq BAA Fransiyaga shu kungacha dizel yoqilg‘isi yetkazib bermagan.
Ma’lumot uchun, BAAning sobiq Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid al-Nahayon joriy yilning 13 may kuni uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 73 yoshida vafot etdi. Uning o‘rniga 14 may kuni Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahayon mamlakatning yangi Prezidenti etib saylandi.