BAA politsiyasi isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlangan o‘zbekistonliklarni qo‘lga oldi
Olam
−
25 noyabr
15587Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va Moldova fuqarosi bo‘lgan ravvin Svi Koganning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan uch kishi O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqladi. Bu haqda amirlikning WAM axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, politsiya hibsga olgan uch erkak – 28 yoshli Olim Tohirovich va Mahmud Abdulrahim hamda 33 yoshli Azizbek Komilovich bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligining kechagi bayonotiga ko‘ra, ravvinning oilasi bedarak yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida ariza topshirgan, buning natijasida “maxsus qidiruv va tergov guruhi” tuzilgan va uning jasadi topilib, gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan.
Isroil hukumati bu voqeani “terror hodisasi” deb ta’riflamoqda.
“Uning o‘limi uchun javobgar bo‘lgan jinoyatchilar jazolanishi uchun barcha vositalar ishga solinadi” deyilgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi bayonotida.
Kogan mansub bo‘lgan Chabad-Lubavich harakati ham o‘zining X’dagi xabarida ravvinni o‘ldirib ketgan o‘zbekistonliklarni “terrorchilar” deb atagan.
“Kogan payshanba kuni o‘g‘irlab ketilganidan keyin terrorchilar tomonidan o‘ldirilgan”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Svi Koganni o‘ldirganlikda gumonlanganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani haqida hali aniq ma’lumotlar yo‘qligini aytgan edi.
LiveBarchasi