BAA energiya inqirozi ortidan OPEC’ni tark etmoqda

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklari “mamlakatning milliy manfaatlari” yuzasidan OPEC (The Organization of the Petroleum Exporting Countries) va OPEC + ni tark etishini e’lon qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qaror rasman 1 maydan kuchga kirishi ma’lum qilindi. Amirlikning mazkur qarori AQSHning Eronga hujumlari ortidan kelib chiqqan global neft inqirozi ortidan ro‘y bermoqda. Bugun, 29 aprel kuni BAA Energetika vazirligi ushbu qarorni tasdiqlab rasmiy bayonot bilan chiqdi.

“Biz ushbu qarorni BAAning uzoq yillik strategik va iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishda davom etishini ko‘zlab qabul qildik. Tashkilotdagi faoliyatimiz davomida ittifoqdoshlarimiz manfaatlari uchun katta hissamizni qo‘shdik, ammo talofatli yo‘qotishlarni ham boshdan kechirdik. Bunday keyingi siyosiy qarorlarimizni mamlakatimizning milliy manfaatlariga qaratish vaqti keldi”, deyiladi amirlik Energetika vazirligining rasmiy bayonotida.

Shuningdek, mamlakat Energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy “Reuters”ga bergan intervyusida OPYeC’ning uzoq yillik hamkori bo‘lgan BAAning tashkilotdan chiqib ketishi global neft bozorida yirik bo‘shliq hosil qilishini aytgan. Bundan tashqari, u qaror sinchkovlik bilan ko‘rib chiqilganidan so‘ng qabul qilinganini va mamlakat ushbu jarayonda hech qaysi davlat bilan maslahatlashmaganini bildirgan.

Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi Fors ko‘rfazidan neft import qiladigan davlatlarda global energiya inqirozini keltirib chiqarmoqda. Hormuz bo‘g‘ozidan dunyodagi neft va tabiiy gazning beshdan bir qismi o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida, amirlik OPYeC’ga 1967 yilda Abu-Dabi Amirligi nomi bilan, 1971 yilda esa Birlashgan Arab Amirliklari e’lon qilingandan so‘ng tashkilotning rasmiy a’zoligiga qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini harbiy yo‘l bilan ochishda yordam berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BAA energiya inqirozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing