BAA Durovga konsullik xizmatlaridan foydalanish imkonini berishga chaqirdi
Olam
−
27 avgust
3107Fransiyada hibsga olingan Pavel Durovga Birlashgan Arab Amirliklari fuqarosi sifatida barcha zarur konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini berish kerak. Bu haqda Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Birlashgan Arab Amirliklari Le Burje aeroportida Fransiya rasmiylari tomonidan qo‘lga olingan Amirliklar fuqarosi, Telegram ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durovning ishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Fransiya hukumatiga barcha zarur konsullik xizmatlarini zudlik bilan taqdim etish to‘g‘risidagi talabni yetkazildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarining barcha ishlarini kuzatish, himoya qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilish Birlashgan Arab Amirliklari uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Fransiya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Durov 28 avgustgacha hibsda qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Telegram asoschisi joriy yilning 24 avgust kuni Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qo‘lga olingandi. U fransuz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan Telegram’da kiber va moliyaviy jinoyatlar masalalarida hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda ayblanmoqda. Fransiya politsiyasi vakiliga ko‘ra, Durov hozirda milliy kiberjinoyatchilik va firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda.