Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
Jamiyat
−
23 noyabr
19917O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Nizomovich Qurbonov Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
U 2019 yil 11 fevralidan beri Mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Bahodir Qurbonov 1969 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1990 yilda O‘zbekiston IIV Oliy tergov maktabiga, 1992 yilda esa O‘zbekiston IIV Oliy maktabiga o‘qishga qabul qilingan.
1994-1996 yillarda Jizzax IIO tergov bo‘limida avval tergovchi, so‘ngra katta tergovchi bo‘lib ishlagan. 1996 yilda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limining Noqonuniy valyuta operatsiyalariga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimi, 1997-1998 yillarda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 1-bo‘limi tezkor xodimi, 1998 yilda 2-bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tayinlangan. 1999 yilda ushbu bo‘limning 3-bo‘limi katta tergovchisi, shuningdek, Jizzax tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi lavozimlarida ishlagan. Shu yili viloyat IIB Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 3-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bundan tashqari, Jizzax viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2002 yilda Jizzax tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2005 yilda G‘allaorol tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga o‘tgan. 2008 yilda Ichki ishlar vazirligi Patrul xizmati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shu yili Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
2013 yil 24 dekabrdan 2015 yil 27 dekabrgacha Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2015 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2017 yil 14 yanvarda unga general-mayor unvoni berilgan. 2018 yil 12 fevraldan 2019 yil 11 fevralgacha Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov lavozimidan ozod qilingani haqida xabar berilgandi.