Ayrim talabalarga 2 mln so‘mgacha stipendiya to‘lanadi

Jamiyat

image

“Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida stajirovka qiladigan oliygoh bitiruvchilariga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va yoshlar uchrashuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi.

Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirilgan. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etilgan.

Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.

Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

talaba bitiruvchi stipendiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing