Ayolning yo‘qolgan telefonidan pul yechib olgan “shovvoz” ushlandi (video)
3-sahifa
−
13:36 1284 1 daqiqa
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida ayol kishining yo‘qotib qo‘ygan telefonidan foydalanib, bank kartasidagi 11,5 mln so‘mni yechib olgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayol kechki payt ko‘chada sayr qilib yurgan vaqtda mobil telefonini yo‘qotib qo‘yib, Shayxontohur tumani IIB Tergov bo‘limiga murojaat qilgan. Qurilmani 2008 yilda tug‘ilgan A. ismli topib olgan. A. undan noqonuniy foydalangan holda jabrlanuvchining plastik kartasiga ulangan mobil ilovaga kirgan hamda uning hisobidagi 11 mln 500 ming so‘m pulni yechib olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflagan.
Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoyatni sodir etgan shaxslar aniqlanib, ushlangan va tergov bo‘limiga topshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi shifoxonalarda davolanayotgan fuqarolarning pullari va tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlagan 46 yoshli ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi