Ayollarning pensiya yoshi oshiriladi. Qozog‘istonda!
Olam
−
09 aprel 8814 2 daqiqa
Qozog‘istonda ayollarning pensiya yoshi oshiriladi. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni mamlakat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Viktoriya Shegay ma’lum qildi.
U avvalroq ayollar uchun pensiya yoshini oshirish to‘xtatib turilganini eslatib o‘tgan.
“Biroq amaldagi qonunchilik doirasida u asta-sekin erkaklar bilan teng ravishda – 63 yoshgacha oshiriladi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Uning tasdiqlashicha, bu chora kelajakdagi pensiya to‘lovlari miqdori bilan ham bog‘liq: inson jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida qancha uzoq ishtirok etsa, uning kelajakdagi pensiyasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, Qozog‘istonda katta yoshdagi ayollar bandligini qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytirilmoqda.
“Katta yoshdagi ayollarni ish bilan ta’minlashga yordam beradigan “Kumush yosh” dasturi ishga tushirildi. Biz ish beruvchilar tajribali xodimlarni jalb qilishlari uchun ularning ish haqining bir qismini subsidiyalaymiz”, deydi Viktoriya Shegay.
Qayd etilishicha, hozirda Qozog‘istonda pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun esa 61 yoshni tashkil etadi. Shu bilan birga, ayollar uchun yoshni oshirish bo‘yicha vaqtinchalik “muzlatish” amal qilmoqda. Bu kamida 2027 yil oxirigacha davom etadi.
Shundan so‘ng oshirish bosqichma-bosqich davom etadi: 2028 yildan – 61,5 yoshgacha. Keyinchalik pensiya yoshi har yili o‘sib boradi va 2031 yilga borib 63 yoshga yetadi. Shu tariqa, ayollarning pensiya yoshi erkaklarniki bilan tenglashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda Yagona jamg‘arma pensiya jamg‘armasidan nafaqa to‘lovlari oladigan jismoniy shaxslar daromad solig‘idan to‘liq ozod qilingandi.
Live
Barchasi