Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazolar og‘irlashyapti

Jamiyat

image

Endi voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmaydi. Bu haqda bugun, 6 aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida so‘z borgan.

  • Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun tegishlicha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanyapti.
  • Endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilyapti.
  • Xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamdardlik ota-ona o‘zining voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.

Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikasiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Shu bilan bir qatorda, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.

Senatorlarga ko‘ra, Qonun xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

jinsiy zo'ravonlik Senat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing