Ayollar tanasida erkaklarga qaraganda ko‘proq og‘riqni his qiladi – tadqiqot
Bu qiziq
−
20:36 508 3 daqiqa
Butun dunyo bo‘ylab ayollar erkaklarga qaraganda tez-tez og‘riqni his qiladi. Shuningdek, barcha og‘riq hislarining katta qismi 55 yoshgacha bo‘lgan davrda shakllangan. Bu haqda joriy yilning 5 oktyabr kuni “Nature Medicine” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda so‘z boradi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular “og‘riq epidemiologiyasi sohasida ma’lumotlarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha bugungi kungacha bo‘lgan eng yirik ishlardan birini” o‘tkazgan. Ma’lumotlar 1990 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda 118 ta mamlakatdan besh yoshdan yuz yoshdan oshgangacha bo‘lgan olti million kishini qamrab oladi.
Hisob-kitoblar davomida aniqlanishicha, ayollar hisobga olingan barcha 11 ta anatomik sohada: bosh, yuz, bo‘yin yoki yelka, oyoq kafti yoki to‘piq, qo‘l kafti yoki bilak, tirsak, ko‘krak, bel, oshqozon yoki qorin va tizzada kuchliroq og‘riqdan tez-tez shikoyat qilgan.
Eng katta gender farqi yuz yoki qorin sohasidagi og‘riqlar bo‘yicha shikoyatlarda qayd etilgan: ko‘pincha aynan ayollar bundan shikoyat qilgan. Ular, shuningdek, shiddatliroq og‘riq (noldan o‘ngacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 7 va undan yuqori ball) yoki tananing bir nechta sohasini bir vaqtning o‘zida qamrab oluvchi umumiylashgan og‘riq haqida tez-tez xabar bergan.
Buyuk Britaniyadagi Edinburg universitetining Reproduktiv salomatlik markazi direktori, professor Endryu Xorn “The Guardian” bilan suhbatda ushbu tadqiqotni og‘riqdagi gender farqiga kam e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, uning haqiqat ekanining isboti deb atagan.
“Og‘riq, shuningdek, 55 yoshgacha bo‘lgan davrda – mehnat qilish, farzand tarbiyasi va ayollarning reproduktiv yoshi davrida keskin ortadi. Bu og‘riq darajasidagi gender farqi haqiqiy, barqaror va global ekanining rad etib bo‘lmaydigan isbotidir. Shunga qaramay, ayollardagi og‘riq juda tez-tez e’tiborsiz qoldiriladi, yetarlicha o‘rganilmaydi va yetarlicha davolanmaydi”, deydi u.
Erkaklarda ham, ayollarda ham og‘riqning kuchayishi 55 yoshgacha bo‘lgan davrda kuzatilgan. Eng baland qiymat taxminan 75 va undan yuqori yoshda qayd etilgan. Shu bilan birga, tendensiyalar og‘riq joylashuviga qarab farqlangan: masalan, yoshlar bosh, qorin yoki yuzdagi og‘riqlardan tez-tez shikoyat qilgan bo‘lsa, mushak-suyak og‘riqlari yosh o‘tishi bilan asta-sekin kuchayib borgan.
Britaniya gazetasi, shuningdek, tibbiyotda bemorning jinsiga qarab dori vositalari va davolanishni tayinlashdagi gender farqi bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolayotganini ta’kidlaydi. Sentyabr oyida e’lon qilingan avvalgi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ayollarga erkaklarga qaraganda kamroq jarrohlik amaliyotlari yoki kuchli ta’sir qiluvchi og‘riq qoldiruvchi vositalar taklif etiladi. Bemorning jinsiga qarab turlicha davolashni tavsiya qiluvchi tamoyillar esa hech bir holatda kuzatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekran qarshisida ko‘proq vaqt o‘tkazadigan bolalar o‘qishda, nutq rivojlanishida va emotsional holatda muammolarga tez-tez duch kelishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi