Ayol go‘dagining tagligiga tilla yashirib, O‘zbekistondan chiqmoqchi bo‘ldi
3-sahifa
−
05 avgust 3596 2 daqiqa
Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida bolalardan foydalangan holda tilla quymalari va yirik miqdordagi naqd valyutani mamlakatdan noqonuniy olib chiqishga urinishlar aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriyev xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondan chiqib ketayotgan ayol farzandining tagligi orasiga qariyb 200 gramm og‘irlikdagi ikki dona tilla quymani yashirgan holda chegaradan olib o‘tishga uringan. Shuningdek, uning yonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 70 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlari ham topilgan. Olib chiqishga urinilgan tilla buyumlarining umumiy qiymati 450 million so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, boshqa bir holatda qo‘shni davlat fuqarosi 14 yoshli qizining kiyimlari ostiga 40 ming AQSH dollarini yashirib, chegaradan olib chiqishga uringani aniqlangan. Uning noqonuniy harakati bojxona xodimlari tomonidan barvaqt fosh etilgan.
Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslar O‘zbekistondan 100 million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyutani bojxona qoidalariga rioya qilgan holda cheklovsiz olib chiqishi mumkin. Ushbu tartib rezident va norezident jismoniy shaxslar uchun bir xil amal qiladi.
Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi va bu uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin. Agar voyaga yetmagan shaxs jinoyat sodir etishga jalb qilinsa, aybdor shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida qiymati qariyb 3,5 milliard so‘m bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismlarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga urinish fosh etilgandi.x
Live
Barchasi