Ayol erining zo‘ravonliklari, 3 kunlik pampersni yeyishga majbur qilganini aytib berdi
3-sahifa
−
09 Sentabr 2020
63602Samarqandda eri tomonidan muttasil kaltaklanib kelgan ayol bundan avval uch marta o‘z joniga qasd qilgan. U ikki marta dori ichish va bir marta bilak tomirini kesish orqali o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytadi. Bu haqda u bloger “Aqida Hanum” bilan suhbatda ma’lum qilgan.
Xabaringiz bor, joriy yilning 20 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik 35 yashar Sh. o‘zi yashayotgan xonadonida turmush o‘rtog‘i M.ni ayovsiz kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Oradan ko‘p o‘tmay, u Toshkentda qo‘lga olindi.
Ayolni kaltaklagan erkakka Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu orada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ushbu ishni to‘liq nazoratiga olganini ma’lum qildi.
1995 yilda tug‘ilgan M. turmush o‘rtog‘i 1985 yilda tug‘ilgan Sh. bilan 2012 yilda shar’iy nikohdan, 2015 yilda FXDYO bo‘limidan qonuniy nikohdan o‘tib yashab kelgan. Ularning ikki farzandi bor. M. Suhbatda 16 yoshida turmush qurgani, farzandlarining kelajagi uchun turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmay yashab kelayotganini aytadi.
Ayol so‘zida davom etarkan, eri bir vaqtlar unga itning axlatini yedirmoqchi bo‘lgani, keyin uch kunlik pampersni yedirganini aytadi
“Qaynisinglim bilan o‘zaro tortishib qoldik. Turmush o‘rtog‘im buni bilib, uyga kelgach, eshiklarni qulfladi. Avvaliga meni urdi. Keyin hovlidan kuchugimizning axlatini topib kelishni buyurdi. Hovlilarni tozalaganman, itning axlati yo‘q deb aytdim. Bo‘lmasa, “hojatxonadan olib kel”, dedi. Hojatxona chuqur bo‘lgani uchun ololmadim. O‘zi ham harakat qildi, uddalamadi. “Yo itning axlatini yediraman, yo hojatxonadan olib, yuzingga surtib, hammaga sharmanda qilaman”, deb aytdi.
Keyin chiqindilar orasidan farzandimning uch kun avval ishlatilgan pampersini topdi. Uning ichini yorib, tuvakka soldi va zo‘ravonlik bilan yedirdi”, deydi ayol.
M. 8 yillik turmushi davomida bu kabi xo‘rliklar to‘xtovsiz davom etganini qo‘shimcha qiladi. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘i unga pampersdan chiqqan axlatni zo‘ravonlik bilan yediradi. Ayolning tobi qochadi va qarindoshlarinikiga boradi. Ostonadan kiriboq, tez yordam chaqirishlarini so‘raydi. Tez yordam yetib kelganda, voqeadan 2-3 soat o‘tib bo‘lgani, axlat ayol oshqozonida hazm bo‘lgani ko‘rinadi. Shifokorlar ayolni tibbiyot muassasasigacha olib borishda vaqt yo‘qotilishini aytib, zudlik bilan chora ko‘rib, uy sharoitida ayolning ichaklarini yuvishadi. Shundan so‘ng ular bo‘lib o‘tgan voqea haqida Ichki ishlar organlariga xabar beradilar.
Huquq-tartibot organlari tomonidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanadi. Biroq, M. qaynotasi va qaynisinglisining iltimosiga binoan sud-tibbiy ekspertizasidan bosh tortadi. Shu kuni uyiga qaytgan ayol eri tomonidan yana do‘pposlanadi.
Hozirda M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan himoyaga olinib, IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan “Himoya orderi” berilib, malakali psixologlarni jalb qilgan holda farzandlari va o‘ziga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr