“Ayol. Hayot. Ozodlik". Tinchlik uchun Nobel qamoqdagi Nargis Muhammadiyga berildi
Olam
−
06 Oktabr 2023
111542023 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofotiga eronlik huquq faoli va “Inson huquqlari himoyachilari” tashkiloti vitse-prezidenti Nargis Muhammadiy loyiq ko‘rildi. Nobel qo‘mitasining tegishli qarori bugun, 6 oktyabr kuni Osloda e’lon qilindi.
“Nargis Muhammadiy Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurash hamda barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Norvegiya qo‘mitasi rahbari Berit Reys-Andersen laureat nomini e’lon qilar ekan, o‘z nutqini Nargis asos solgan harakat shiori – “Ayol. Hayot. Ozodlik" bilan boshlagan.
"Nargis Muhammadiyga 31 yillik qamoq va 154 darra kaltaklash jazosi tayinlandi. Men bu so‘zlarni aytayotgan paytimda u qamoqda", deydi Reys-Andersen.
Shuningdek, Nobel qo‘mitasi 2023 yilgi mukofotni o‘tgan yil davomida Eronda “Ayol – hayot – erkinlik” shiori ostida ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazgan yuz minglab eronliklarga bag‘ishlashga qaror qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Nargis Muhammadiy 2016 yilda o‘z vatanida o‘lim jazosini bekor qilish tarafdori bo‘lgan inson huquqlari harakatiga rahbarlik qilgani uchun 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U 2020 yilda ozodlikka chiqdi, ammo 2021 yil oxirida yana hibsga olingan va hozir Tehrondagi Evin qamoqxonasida saqlanmoqda.
1901 yildan beri 103 ta tinchlik mukofoti berilgan bo‘lsa, shulardan 18 tasi ayollarga nasib qilgan. Mukofotlanganlar orasida 27 ta turli tashkilot bor. Tinchlik mukofotidan voz kechgan yagona shaxs vetnamlik siyosatchi va diplomat Le Dik Txo bo‘lib, u 1973 yilda AQSH Davlat kotibi Genri Kissinjer bilan birga Vetnam mojarosini hal qilishdagi sa’y-harakatlari uchun mukofotga loyiq ko‘rilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq fizika, tibbiyot, kimyo va adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilingandi.
LiveBarchasi