Avjiga chiqqan mushakbozlik: chegaralarni chetlab o‘tgan pirotexnika uchun kim javob beradi?

Jamiyat

image

Paqildoq tovushi sizga ham eshitildimi? Qo‘ni-qo‘shnilarning bolasi bamaylixotir paqildoq otayotgani, esini tanigan, 2-3 farzandi bor erkaklar shahar markazida mushakbozlik qilayotgani, eng qizig‘i bu tovush yetti mahallaga yoyilayotgani, profilaktika inspektori esa bunga jim qarab turganini siz ha ko‘rgandirsiz. Juda bo‘lmasa Instagram’da guvoh bo‘lgansiz. Ayniqsa, Toshkentning markaziy ko‘chalarida bu yil mushakbozlik avjiga chiqdi. Lekin hamma jim. 

Ma’lumki, har yilning noyabr-dekabr oylari O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi oyligi sifatida e’lon qilinadi. Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari tomonidan o‘quv-seminarlar, maktab o‘quvchilari ishtirokida tadbirbozliklar o‘tkaziladi. Bajxona qo‘mitasi, jumladan DXX televideniye, radio va internet nashrlar orqali minglab, millionlar paqildoqlar, pirotexnika vositalarininig savdosiga chek qo‘yilgani, bu vositalar mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilayotganda, ushlab qolingani haqida bong uradi. Bunga ko‘nikib ketganmiz. 
 
Tanganing yana ikkinchi tarafi bor. Xo‘sh, Bojxona qo‘mitasi va DXX pirotexnika vositalarining mamlakat hududiga noqonuniy kirib kelishini oldini olish bo‘yicha murosasiz kurashayotgan bo‘lsa, nega bir necha kundirki shahar ko‘chalarida mushaklar ovozini eshityapmiz? Nega yon atrofimizda emin-erkin paqildoq otilyapti? Bordiyu bu mushaklar va paqildoqlar chegaralda ushlab qolinmagan bo‘lsa, chegaralar biz o‘ylagandek mustahkam, bojxona xodimlari kutilganidek sinchkov emas, shundaymi? 

Yana bir savol tug‘iladi: xo‘sh, chegaradan olib o‘tilayotgan va ushlab qolingan pirotexnika vositalari qani? Qayerga yo‘q qilinyapti ular? Nega bu haqda ma’lumot berilmaydi. Balki, olib qolingan pirotexnika vositalarining o‘zi odamlar qo‘liga boshqa yashirin yo‘llar orqali yetib borayotgandir...

Pirotexnikalar yashirin ravishda chegaradan olib o‘tildi, buni bojxonachilar payqamadi ham deylik, lekin har bir mahalladagi profilaktika inspektorlarining ko‘zi qayerda? Yo ularning ko‘zini parda qoplab, paqildoq tovushidan kar bo‘lganmi? Bugungacha Bojxona qo‘mitasi va DXX tomonidan pirotexnika vositalarining chegaralardan noqununiy ravishda olib o‘tilayotgani haqida o‘nlab ma’lumotlar berildi. Biroq, IIV va uning hududiy boshqarmalari ham pirotexnika vositalarini ishlatish bo‘yicha hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Nahotki, mushakbozlik qilinayotgan mahalla va ko‘chalarda profilaktika inspektorlari yo‘q? Nahotki, IIV mutasaddilari ijtimoiy tarmoqlardagi pirotexnika chellejini ko‘rmayapti? Nahotki, shahardagi porox hidi ularning burniga borib urilmayapti?

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakat hududida pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, DXXning Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish holatlarini aniqlash va ularga barham berish, aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishgacha qonunda belgilangan javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishi belgilangan. 

Qarorga ko‘ra, barcha pirotexnika vositalari olib qo‘yilishi va keyinchalik belgilangan tartibda yo‘q qilinishi kerak. 

Yuqorida ko‘tarilgan savollarga mutasaddi tashkilotlardan javob kutamiz. Xo‘sh, bu pirotexnika vositalari odamlar qo‘liga qanday yetib borgan?


Maqola muallifi

Teglar

pirotexnika

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing