Avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda (video)

Jamiyat

image

Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.

Majlisda so‘zga chiqqan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Qutbiddin Burhonovning ma’lum qilishicha, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021 yilda 40 542 ta, 2022 yilda 47 365 ta va 2023 yilda 41 866 ta,  2024 yilda 31 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan. 

“Eng achinarlisi, faqatgina 2024 yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan”, dedi senator.

Shuningdek, qonun bilan Jinoyat kodeksida quyidagilar uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda:

IIO xodimlarini foto va videoga olib, tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi north_east

IIO xodimlarini foto va videoga olib, tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi

  • Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik; 

  • Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik; 

  • Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik. 

Bundan tashqari, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

“Ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2024 yilda faqatgina foto va video qurilmalari yordamida aniqlangan huquqbuzarliklarning 22 foizi bitta transport vositasi haydovchisi tomonidan 4 tagacha, 18 foizi – 5 tadan 10 tagacha, 9,5 foizi – 11 tadan 20 tagacha, 1,3 foizi – 31 tadan 40 tagacha, e’tibor bering, 0,1 foizi yoki bo‘lmasa 22 mingta haydovchi esa 100 tadan ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligini sodir etgan”, dedi Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, majlisda senator O‘zbekistonda 2024 yilda 9364 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida 2203 nafar inson halok bo‘lgan va 8901 nafar inson tan jarohati olganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

jinoiy javobgarlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing