IIO xodimlarini foto va videoga olib, tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi

Jamiyat

image

Bugun, 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur qonunda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Qutbiddin Burhonov ma’lum qildi.

Ma’lumki, mazkur qonun 2024 yil 16 avgust kuni Senatning 55-yalpi majlisida muhokama qilingan va  qayta ko‘rish uchun Qonunchilik palatasiga yuborilgandi. Bunga asosiy sabab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ichki ishlar xodimlarini ish vaqtida foto va videoga olib, internetda e’lon qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutadigan 192-2-moddasini kiritish taklifi jamoatchilikning tanqidiga sabab bo‘lgani edi.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan bu galgi qonun loyihasida esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi ham to‘liq qayta ishlangan. 

"Avvalambor, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Kelishuv komissiyasida fuqarolarning ushbu huquqi cheklanmasligi kerakligi haqida yakdil xulosaga kelindi. Ya’ni, fuqarolar organ xodimlarining xatti-harakatini bemalol tasvirga tushirishi ham, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi ham mumkin. Boshqacha aytganda, organ xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda, bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti", dedi Burhonov.

Uning aytishicha, qonun faqat va faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslikni, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va holatni buzmaslikni, montaj qilmaslikni talab etmoqda. 

"Shu o‘rinda ushbu tahrirda aynan “buzib tarqatmaslik” tushunchasidan foydalanilganligi ham bejiz emas. Ma’lumotni buzib ko‘rsatgan holda tarqatish (taqdim etish) uchun javobgarlik belgilanishi qonunchiligimiz uchun yangi amaliyot hisoblanmaydi. Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 6 ta, Jinoyat kodeksida 4 ta moddada turli xil ma’lumotlarni buzib ko‘rsatgan holda taqdim etish (tarqatish) uchun javobgarlik belgilangan. Shunday ekan, huquqni qo‘llash amaliyotida sudlar bu masalada muammoga duch kelishmaydi. Bu borada suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaydigan barqaror sud amaliyoti shakllangan", dedi senator.


Maqola muallifi

Teglar

Senat IIO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing