Vazirlik yana xalqni “shilmoqchi”mi? Kusherboyev avtoregistratsiya to‘lovi haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1 apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravargacha oshirildi (elektromobillar uchun 15 baravar). Avval bu to‘lov 34 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning tegishli buyrug‘i to‘lovlar miqdori oshishidan bir kun oldin, 31 mart kuni qabul qilindi. Hujjat na muhokamaga qo‘yildi, na uni amalga oshirish uchun muddat belgilandi.

Sobiq deputat, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev narxning oshirilishi aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarishini bildirdi.

“Bundan bir necha yil oldin, biz yaxshi bilardik odamlar avtomobilni rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan 3 foizlik yig‘im qimmat bo‘lgani uchun o‘zlariga tegishli mashinalarni rasmiylashtirolmasdan, ishonchnoma (doverennost) orqali avtomobilni boshqarib kelishardi. Bu juda ko‘p qiyinchiliklarga sabab bo‘lardi va keyinchalik boshqa huquqiy muammolarni ham keltirib chiqarardi. Ya’ni avtomobil o‘ziniki bo‘lsa-da, lekin boshqa odam nomida turganligi uchun ba’zan mashinaga qonuniy egalik qilishda muammolar yuzaga kelardi. Lekin 2021 yilda “Byudjet kodeksi”ga o‘zgartirish kiritilib, mana shu yig‘im bekor qilindi va aholiga o‘zlarining avtomobillarini rasmiylashtirish uchun qulay imkoniyat yaratildi.

…Lekin mana kuni kecha kutilmaganda, jamoatchilik muhokama qilmasdan turib, aholining hech qanday fikri inobatga olinmasdan, Ichki ishlar vaziri buyruq qabul qilibdi va endi avtomobillarni rasmiylashtirishning 34 ming so‘mlik xizmat turi 68 baravarga oshirilibdi. Tarmoqlarda yozishlaricha, mashinani rasmiylashtirishdan tortib to davlat raqami olgungacha bo‘lgan jarayonlarning umumiy narxi 5 million so‘mdan oshyapti. Bu yana odamlarga noqulaylik tug‘diryapti”, deydi sobiq deputat.

Rasul Kusherboyev, shuningdek, mazkur buyruqni qabul qilishda hech qanday asos yo‘qligini aytdi.

“Aholining keng muhokamasiga sabab bo‘ladigan loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmasdan turib, 31 mart, dam olish kunida 1 apreldan kuchga kiradigan hujjat qabul qilinyapti. Hech kimning bundan xabari yo‘q. Eng qizig‘i, nima bilan asoslanadi degan savol: mashinalarni rasmiylashtirish uchun ketadigan xarajatlar oshib ketdimi yoki oltin suvi yurgizilgan qog‘ozlarda endi odamlarga (hujjat tahr.) chiqarib berilyaptimi? Buni asoslash kerak-ku axir. Hech qanaqa asoslash yo‘q. Shunchaki oshirildi-qo‘ydi. Va katta ehtimol bilan, bu davlat byudjetiga tushadigan yig‘im emas, bu xizmat va u vazirlikning o‘z hisobida qoladi. Demak, qo‘pol qilib aytganda vazirlik qo‘shimcha pul ishlash yo‘lini qilyapti.

Qaysidir idora yoki tashkilot qo‘shimcha pul ishlashi uchun shunga yarasha mehnat qilishi kerak emasmi? … Bizda ayrim idoralarimiz odamlarning bo‘yniga shunchaki bitta yukni qo‘yib, arzimagan xizmat uchun otning kallasidek pul olishni o‘zlariga normal qabul qilishadi. Qani bu yerda odamlarning manfaati, qani bu yerda odamlarga qulaylik yaratish degan maqsadi? Bosh maqsad odamlarga qulaylik yaratishmi yoki vazirlik, idoralarga qulaylik yaratishmi? … Odamlarda ochiqchasiga hukumat bizni o‘ylamaydimi, degan savollar tug‘ilyapti”, deydi Kusherboyev. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 noyabridan boshlab avtomobillarga davlat raqamini berish stavkasi 2,3 baravarga oshirilib, 1,15 mln so‘m etib belgilangan edi.

Shuningdek, 1 apreldan boshlab og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (1,7 million so‘mdan 3,4 million so‘mgacha) yo‘l yig‘imi joriy etildi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil' registratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing