Avtobuslarning “zapravka”da nega qatorlashib turgani ochiqlandi
Jamiyat
−
25 avgust 2023
9473Ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatda turib qolganligi aks etgan videolar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilganligi munosabati bilan, “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi avtobuslarni tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun boshqa “zapravka”larga yuborilgan. Bu esa o‘sha shoxobchalarda navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, mazkur masalani hal etish maqsadida, Toshkent shahar hokimligida “Hududgazta’minot” AJ va “Toshshahartransxizmat” AJ ishtirokida tezkor ishchi guruh tuzilib, poytaxtdagi mavjud yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avtobuslar uchun qo‘shimcha yoqilg‘i quyish stansiyalari ajratilganligi hamda tabiiy gazda harakatlanadigan avtobuslarning uzluksiz ishlashi bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi ham yuqoridagi sabab yuzasidan rasmiy munosabat bildirib chiqqan edi. Vazirlikka ko‘ra, barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan hamda bu borada hech qanday cheklov kiritilmagan.
“Qaysidir metan “zapravka” o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avval ta’kidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr