Avtobuslar oynasining “tonirovka” qilinishi Oliy Majlisda hal bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda jamoat transportlari oynasining tusini o‘zgartirish taklif qilindi. Shu mazmundagi petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida e’lon qilindi.

Jamoaviy murojaat matni quyidagicha:

“Hammamizga ma’lumki, yurtimiz quyoshli o‘lka. Bu holat, ayniqsa, yoz mavsumida harorat 40 darajadan oshgan vaqtlarda avtobuslardagi konditsionerlarning sovutish funksiyasi ishlamay qolganda juda seziladi.

Shu sababli, jamoat transportlari, ya’ni avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalarining oynalarini yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirishni taklif qilaman. Tasavvur qiling, odam ko‘p, kun issiq, havo dim, bu yoqdan esa yana jazirama quyosh tik tushib turadi. Bu esa jamoat transportidagi odamlarning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘ngil aynishi, hushsizlanish kabi holatlarga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ba’zida tig‘iz vaqtda avtobusda o‘tirish uchun bo‘sh joy bo‘lsa ham odamlar quyosh sabab o‘sha bo‘sh joylarga o‘tirmaydi. Bu esa ortiqcha tiqilinchni yuzaga keltiradi. Hamma avtobuslarga konditsioner qo‘yish yoki ularni yangilarga almashtirish esa ko‘p mablag‘ va vaqt talab qiladi.”

Yo‘l harakati qoidalari 3-ilovasining 7.4 bandida “Barcha transport vositalarida old, yon va orqa tomondagi oynalarning yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foizni tashkil etishi kerak”ligi belgilangan. 

Shu sababli murojaat muallifi yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoat transportlari, xususan, avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalari oynalarining yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirishni taklif qilgan.

Ushbu murojaat qisqa vaqt ichida 10 000 ta ovoz to‘plab ulgurdi. Endilikda tegishli tartibda Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Masala yuzasidan chiqarilgan qaror “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtiriladi.

Murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

tonirovka jamoat transporti

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing