Avtobus haydashdan davlatni boshqarishgacha ko‘tarilgan Maduro yana prezidentlikka nomzod bo‘ldi

Olam

image

Venesuelaning hukmron Yagona sotsialistik partiyasi (PSUV) tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduro ko‘rsatildi. Bu haqda kecha, 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan partiyaning yakuniy qurultoyida PSUV raisi o‘rinbosari Diosdado Kabelo ma’lum qildi.

Qurultoyda Kabelo yig‘ilganlardan Maduro nomzodi haqida fikr bildirishni so‘ragan. Kongress ishtirokchilari uning nomzodini birvarakayiga qo‘llab-quvvatlagan.

“Shanba, 16 mart, Venesuela Yagona Sotsialistik partiyasi beshinchi Kongressining yalpi majlisida Bolivar inqilobi yetakchisi Nikolas Maduro prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida e’lon qilindi”, deyiladi partiya veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.

Shu tariqa, joriy yilning 28 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda u uchinchi muddatga Venesuela prezidenti lavozimini egallashi kutilmoqda. Avtobus haydovchisi, keyin kasaba uyushmalari faoli bo‘lgan Maduro davlat rahbari lavozimini 2013 yildan beri egallab kelmoqda, u mamlakat sobiq rahbari Ugo Chaves vafotidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan. 

Mamlakat muxolifati o‘z nomzodi sifatida Mariya Korina Machadoni tanladi. Biroq Venesuela hukumati uning saylovlarda nomzod sifatida ishtirok etishini bir necha yil davomida taqiqlab qo‘ygan, shu bois Machado navbatdagi prezidentlik saylovlarini ham o‘tkazib yuborishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Nikolas Maduro prezidentlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing