Avstriya uch nafar rossiyalik diplomatni haydadi
Olam
−
18:44 518 2 daqiqa
Avstriya hukumati uch nafar rossiyalik diplomatni “persona non grata” (nomaqbul shaxs) deb e’lon qildi. Bu haqda ORF telekanali xabar berdi. https://orf.at/stories/3428768/
Avstriya Tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Rayzinger ularning ismlarini ochiqlamasdan, bu qarorni josuslik faoliyatiga aloqadorlik bilan izohlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gap razvedka operatsiyalariga bevosita aloqador bo‘lgan elchixona xodimlari haqida bormoqda. Rossiyaning Venadagi diplomatik missiyasi bu qarorni “g‘azablanarli” deb atagan va ushbu chora elchixona hamda Rossiyaning YeXHT huzuridagi doimiy vakolatxonasi xodimlariga daxl qilganini bildirgan.
Venadagi rasmiylarning fikricha, diplomatik binolarga o‘rnatilgan ko‘plab sun’iy yo‘ldosh antennalairdan Moskva kuzatuv maqsadlarida foydalanmoqda. “Reuters”ning yozishicha, ushbu antennalar anchadan beri Avstriya ichki razvedkasi e’tiborida bo‘lib, mutaxassislar bu uskunalar “begona xabarlarni tutib olish uchun” ishlatilayotganidan ogohlantirib kelgan.
Bungacha “The Financial Times” gazetasi ham Rossiyaning Venadagi diplomatik ob’ektlari G‘arbdagi eng yirik radioelektron razvedka platformasiga aylangani haqida yozgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Dunayning sharqiy sohilidagi 9 gektarlik “Russensiti” majmuasi va uning markazidagi Rossiyaning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi binosi asosiy ob’ekt hisoblanadi.
“The Insider” nashri ham avvalroq Rossiyaning Venadagi elchixonasi amalda razvedka markazi sifatida ishlatilishini aniqlagan: Rayznershtrassedagi majmuada Tashqi razvedka xizmati, Bosh razvedka boshqarmasi va Federal xavfsizlik xizmati bilan aloqador bo‘lgan diplomatik pasportga ega o‘nlab xodimlar faoliyat yuritadi. Ob’ektdan, shuningdek, Yevropaning boshqa davlatlaridagi operatsiyalarni muvofiqlashtirish uchun ham foydalaniladi. 2025 yil oktyabr oyida Rossiyaning Myunxendagi konsulligi xodimlari chiqarib yuborilgandan so‘ng, Avstriyaga kelgan “niqoblangan jurnalistlar”ning shaxsi ham fosh etilgan.
Venadagi “NomenNescio” guruhining muhandis-ishqibozlari ikki yil davomida majmua tomlarini yuqori sifatda suratga olib, aksariyat antennalar Afrika va Yevropa o‘rtasida aloqani ta’minlovchi to‘rtta geostatsionar sun’iy yo‘ldoshga (Eutelsat 3B, Eutelsat 10B, SES-5 va Rascom QAF1) yo‘naltirilganini aniqlagan. Qabul qiluvchi moslamalar oldiga o‘rnatilgan maxsus nasadkalar signallarni standart uskunalarga qaraganda ancha kengroq diapazonlarda “qidirish” imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya Rossiyaning birinchi kotibini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi. Diplomat “Estoniya konstitutsion tuzumi va huquqiy tizimini izdan chiqarishga, jamiyatda bo‘linish keltirib chiqarishga” aloqadorlikda ayblangan.
Live
Barchasi