Avstraliyaga borgan qirol Charlz genotsidda ayblandi

Olam

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Buyuk Britaniya qiroli Charlz III Avstraliyaga tashrif chog‘ida mamlakat parlamentida nutq so‘zladi. Uning nutqidan so‘ng mahalliy senator va faol Lidiya Torp uni genotsidda aybladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qirol Charlzning Avstraliyaga 16-rasmiy tashrifi, shuningdek, saraton kasalligiga chalinganidan beri uning birinchi katta xorijiy safari bo‘ldi. U ushbu safar davomida Avstraliya parlamentida nutq so‘zlagan va iqlim o‘zgarishiga qarshi qattiqroq choralar ko‘rishga chaqirgan. Uning nutqi tugagandan so‘ng mustaqil senator Torp qirol Charlz Avstraliyaning suverenitetini tan olmasligini ta’kidlagan va uni genotsidda ayblagan.

“Siz bizning xalqimizga nisbatan genotsid sodir etdingiz. Bizning yurtimizni qaytaring. O‘g‘irlagan narsalaringizni qaytaring – suyaklarimizni, bosh suyaklarimizni, bolalarimizni va xalqimizni. Siz bizning yerimizni vayron qildingiz. Bizga shartnoma bering. Biz shartnoma xohlaymiz”, degan u.

Nashrning yozishicha, Torp Avstraliyaning mustamlaka qilinishi siyosatiga norozilik bildirib, oldin ham bir necha bor tadbirlarni buzgan. Bugungi noroziligi davomida uning qirol Charlzga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yilmagan. Qirol bu vaqtda minbarda mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaniz bilan xotirjam suhbatlashgan. Torp esa keyinchalik zalni tark etishga majbur qilingan. Jarayonda ishtirok etgan konservativ Liberal partiyasidan sobiq bosh vazir Toni Abbott ushbu voqeani “afsuslanarli siyosiy namoyish” deb atagan.

Senator Torpning ta’kidlashicha, mustamlakachilik oqibatida sodir bo‘lgan qamoqqa olish va zo‘ravonlik Birinchi millatlar milliy shartnomasini tuzish bilangina yakunlanishi mumkin. Ushbu shartnoma tafsilotlari keltirilmagan.

Qayd etilishicha, Torpning noroziligiga qaramay Charlz va malika Kamillaga atab ko‘plab maqtov so‘zlar aytilgan. Jumladan, Bosh vazir Albaniz avstraliyaliklarning qirolga bo‘lgan hurmatini tilga olib, Charlzning iqlim o‘zgarishiga doir uzoq yillik faoliyatini maqtagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qirol Charlzning mamlakatga tashrifi oldidan Avstraliya Respublikasi harakati (ARM) unga uchrashish to‘g‘risida iltimos xati bilan murojaat qilgan edi. Monarx javob xatida esa Avstraliya respublika bo‘lish yoki qolish masalasi avstraliyaliklarning “o‘ziga havola”ligini ta’kidlagandi. Biroq hali qirol ushbu tashrifi chog‘ida ARM vakillari bilan uchrashmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya qirol Charl'z Lidiya Torp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made