Avstraliyada bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi rasman taqiqlanmoqda
Olam
−
21 noyabr
1142Avstraliya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda bugun, 21 noyabr kuni mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaneze saytida e’lon qilindi.
“Bugun hukumat yosh avstraliyaliklarni ularning rivojlanishining muhim bosqichlarida ishonchliroq himoya qilish uchun dunyoda yetakchi hisoblangan qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar uchun minimal yosh 16 etib belgilandi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, yangi cheklovlarga rioya qilish uchun javobgarlik ijtimoiy tarmoqlarning o‘ziga yuklanadi. Xususan, ulardan 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar akkaunt yarata olmasligini ta’minlash uchun choralar ko‘rish talab etiladi. Raqamli platformalar qonunni buzgani uchun 49,5 million Avstraliya dollari (32,3 million dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Qonun loyihasi yoshga qarab cheklangan ijtimoiy media platformalarining yangi ta’rifini yaratadi. Bunga Snapchat, TikTok, Instagram va X va boshqalar kiradi.
“Men shtat va hududdagi hamkasblarimizga va ushbu muhim qonun loyihasini hayotga tatbiq etishda hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirmoqchiman”, dedi Avstraliya Aloqa vaziri Mishel Roulend.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyada 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash uchun qonun loyihasi ishlab chiqilishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi