Avstraliya va Yangi Zelandiya armiyasini birlashtirmoqchi
Olam
−
06 dekabr
2307Avstraliya va Yangi Zelandiya mintaqadagi umumiy manfaatlarni himoya qilish uchun o‘z qo‘shinlarini birlashtirish niyatida ekanini e’lon qilib, ikki tomonlama harbiy ittifoqni mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Bu haqda “Mirage” xabar berdi.
Bugun, 6 dekabr kuni ikki mamlakat Tashqi ishlar va Mudofaa vazirlarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotga ko‘ra, tomonlar xavfsizlik va mudofaa sohasida o‘z harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirish, shuningdek, hamkorlikda ishlashga kelishib olgan.
Shuningdek, ikki davlat harbiy infratuzilmani almashish, texnologiya almashish va muntazam ravishda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishga ham kelishgan.
Qolaversa, tomonlar muhim infratuzilmani himoya qilish va barqaror kiberxavfsizlik tizimlarini yaratish uchun kiber kuchlarni birlashtirish niyatida ekanligini ham ta’kidlagan.
Mutaxassislar ikki davlat tashabbusini Xitoyning Tinch okeani mintaqasida ta’siri kuchayishi bilan bog‘lagan. Xitoyning ortib borayotgan ishtiroki, jumladan, port qurilishi, orol davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlik va dengiz kuchlarining imkoniyatlarini kengaytirish Avstraliya, Yangi Zelandiya va ularning ittifoqdoshlari, shu jumladan Qo‘shma Shtatlar uchun tashvish uyg‘otadi. Ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma harbiy hamkorlik ularning mintaqadagi yetakchi rolini saqlab qolish va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.
“Avstraliya va Yangi Zelandiyaning qo‘shma bayonoti beqaror xalqaro muhitda ittifoqchi davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Harbiy hamkorlikni mustahkamlash nafaqat umumiy manfaatlarni himoya qilish istagini aks ettiradi, balki ularning zamonamiz muammolariga birgalikda qarshi turishga tayyorligini ham ta’kidlaydi”, degan mas’ullar.
LiveBarchasi