Avstraliya bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan 1-davlat bo‘ldi

Olam

image

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan mamlakatga aylandi. Mamlakat parlamenti tomonidan 2024 yil noyabrida qabul qilingan qonun bugun, 10 dekabrdan boshlab kuchga kirdi. Bu haqda “Evronews” xabar berdi.

Yoshlarni internetdagi ta’qib, dezinformatsiya va noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilgan ushbu taqiq ko‘pchilik yirik platformalarga taalluqli bo‘ladi, jumladan, TikTok, YouTube, Instagram, Snapchat, Facebook, Reddit va X kabilarga. U WhatsApp messenjeriga, pochta dasturlariga, onlayn-o‘yinlarga va o‘quv loyihalariga tatbiq etilmaydi.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze ushbu qonun bolalarga normal bolalik o‘tkazishga yordam berishi, ota-onalarga ruhiy xotirjamlik baxsh etishi va boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishini aytgan.

Taqiq talablariga bo‘ysunmaslik holatida platformalar 49,5 million Avstraliya dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin.

Kanberra hukumati qadamlarining tanqidchilari bunday chorani mutanosib emas, deb hisoblaydi va bu borada mamlakat Oliy sudiga da’vo arizasi ham kiritilgan. Ko‘pchilikning fikricha, o‘smirlar shunchaki nazorati yanada qiyinroq bo‘lgan boshqa servislarga o‘tib ketadi, xolos.

Bir qator mamlakatlar, jumladan, Malayziya, Daniya va Norvegiya ham shunday taqiqlar joriy qilish niyati borligini bildirgan. Xuddi shunday cheklovlar g‘oyasini Yevropa parlamenti ham qo‘llab-quvvatlagan.

Germaniyada so‘rovda ishtirok etganlarning katta qismi (77 foizi) bunday qonunni to‘liq yoki qisman qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi tayyorlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing