Aviahalokat qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Kanadaning Ontario provinsiyasida samolyot halokatga uchrashi natijasida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu aviahalokat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Ontario provinsiyasida samolyot halokatga uchragan joy tegishli tuzilmalar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgan, samolyotning barcha parchalari puxta tahlil qilish uchun Toronto shahridagi maxsus tekshiruv markaziga yetkazilgan.

Ayni paytda Kanada ma’murlari bilan birgalikda halok bo‘lganlarning jasadlarini aniqlashtirish va ularni qarindoshlariga topshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Elchixona Kanada TIV va huquqni himoya qilish idoralari vakillari, aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlari, Toronto shahri va Texas shtatidagi (AQSH) o‘zbek diasporasi bilan yaqin aloqada bo‘lib turibti.

Ta’kidlanishicha, bugun, 2 dekabr kuni O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Toronto shahrida Kanada transport xavfsizligi kengashi vakillari va mahalliy tergov idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Elchixonaga butun dunyodan ta’ziya so‘zlari yetib kelmoqda. Kanadaning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Annik Gule barcha kanadaliklar nomidan aviafalokatda halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi hamda har tomonlama yordam va zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi. AQSH va Kanadada istiqomat qiluvchi o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan O‘zbekiston elchixonasi sa’y-harakatlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Halok bo‘lganlarning qarindoshlari uchun elchixonada tezkor telefon raqami ochilgan: +1 (202) 887-5300 (ichki raqam 1), +1 (202) 251-8298 (mobil), shuningdek consul.washington@mfa.uz elektron pochta manzili.


Maqola muallifi

Teglar

halokat TIV Kanada

Baholaganlar

181

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing