Avgustgacha ayrim qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash xarajatlari to‘xtatiladi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
7780Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash maqsadida qurilish sohasini moliyalashtirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.
“Karantin davri O‘zbekistonda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va shu davrda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi Davlat byudjeti barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun kasallik tarqalishini maksimal darajada lokalizatsiya qilish va karantin muddatlari cho‘zilib ketishining imkon qadar oldini olish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir”, deyiladi qarorda.
Qarorda koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va byudjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash maqsadida bir necha choralar qatori qurilish-ta’mirlash ishlari vaqtincha kechiktiriladi.
“Vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari joriy yil 1 avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘xtatsin, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno”, deyiladi normativ hujjatda.
Ma’lumot uchun, Moliya vaziri Timur Ishmetov Davlat byudjetining ikkinchi choragida ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelishi sababli hayot uchun zarur bo‘lmagan xarajatlarni keyingi choraklarga o‘tkazilishi haqida ma’lum qilgandi.