Avgust oyida o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutyapti?

Bu qiziq

image

O‘zbekistonda avgust oyi quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning ilk kunlarida ayrim hududlarda havo harorati 43 darajagacha ko‘tarilishi, keyinchalik esa 3–5 darajaga pasayishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet e’lon qilgan ob-havo prognozi ma’lumotida keltirilgan.

Unga ko‘ra, avgust oyida harorat foni asta-sekin pasaya boshlaydi. O‘zbekiston hududi bo‘yicha avgust oyining o‘rtacha oylik harorati iyul oyiga nisbatan 1,5-2,5 darajaga past bo‘ladi.

Joriy yilning 1-2 avgust kunlari havo harorati 38-41 darajaga, janubda va cho‘l hududlarida 42-43 darajaga yetadi. Keyinchalik harorat foni 3-5 darajaga pasayadi va havo harorati asosan 33-38 daraja atrofida, ba’zi joylarda 40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.

Oyning oxiriga kelib, O‘zbekiston hududiga salqin havo kirishi va harorat asta-sekin 25-30 darajagacha pasayishi ehtimoli bor.

Avgust oyining birinchi yarmida harorat asosan kechalari 24-27 daraja, ikkinchi yarmida 17-22 daraja, oyning oxirida 12-15 darajagacha pasayadi.

Yilning ko‘p oylari singari, avgust oyi ham nisbatan iqlim o‘zgarishi ta’siri ostida bo‘ladi.

Respublika hududining katta qismida o‘rtacha maksimal harorat +35…+37 darajani, janubda va cho‘l hududlarida +38…+40 darajani tashkil etadi.

Issiq ob-havoning eng yuqori cho‘qqisida deyarli har yili +38…+39 darajaga, janubda va cho‘l hududlarida esa ba’zi joylarda +41…+43 darajaga yetadi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda avgust oyining harorat tartibiga global isish sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Yillararo kuchli o‘zgaruvchanlik fonida havoning o‘rtacha oylik harorati ko‘tarilish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Avgust iyul oyidagidek jazirama bo‘lmasa-da, baribir anchagina issiq oy hisoblanadi. Yozgi issiqning pasayishi 40 daraja va undan yuqori harorat kuzatiladigan kunlar sonining sezilarli kamayishi bilan namoyon bo‘ladi.

O‘rtacha hisobda bu ko‘rsatkich hududlarning katta qismida 1-3 kunni, eng chekka janubda va cho‘l hududlarida esa 4 kundan 8 kungacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Samarqand viloyati va Farg‘ona vodiysida esa bunday issiq kunlar juda kamdan-kam hollarda — 5-10 yilda bir marta kuzatiladi.

Prognoza ko‘ra, avgust oyining oxiriga kelib, odatda, kuzning yaqinlashayotgani sezila boshlaydi. Nisbatan salqin havo oqimlarining kirib kelishi ko‘payadi.

Ayrim yillarda avgust oyida salqin havoning kirib kelishi hisobiga O‘zbekiston hududi bo‘yicha kunduzgi harorat 22-27 darajagacha pasaygan.

Avgust O‘zbekistonda yilning eng quruq oyi hisoblanadi. Yomg‘irlar juda kam yog‘adi – tekislik hududlarning katta qismida o‘rtacha 1 kundan 3 kungacha biroz yomg‘ir yog‘ishi kuzatilishi mumkin, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori esa 1-2 mm dan, Farg‘ona vodiysida esa 3-5 mm dan ko‘p bo‘lmaydi. Janubda va cho‘l hududlarida avgust oyida yomg‘ir har yili ham kuzatilmaydi.

Markaz kutilmasiga ko‘ra, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir tez-tez yog‘adi va o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori ayrim joylarda 12-15 mm ni, Farg‘ona viloyati tog‘larida hamda Toshkent viloyatining yuqori tog‘li hududlarida esa 20-22 mm ni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, eng esda qoladigan rekordlar Sariosiyo meteostansiyasi (Surxondaryo viloyati tog‘ oldi) hududida kuzatilgan bo‘lib, bunda oylik me’yor 0,4 mm bo‘lganda 3 soat 10 daqiqada 35 mm va Qo‘qon meteostansiyasi hududida oylik me’yor 5 mm bo‘lganda 20 daqiqada 35 mm yomg‘ir yoqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 28 iyul kuni O‘zbekistonda havo harorati 42 darajagacha ko‘tarilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing