Endi o‘zbekistonliklar Qozog‘istonga elektron ruxsatnomasiz kira olmaydi

Olam

−

image

Qozog‘iston xorijiy fuqarolar uchun mamlakatga kirishga elektron ruxsatnoma olish tartibini joriy etadi. Yangi qoidalar joriy yil 24 oktyabrdan kuchga kiradi. Ruxsatnoma esa 2027 yil iyulidan boshlab majburiy bo‘ladi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi talab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari hamda Qozog‘iston bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan davlatlar fuqarolariga taalluqli. Shuningdek, Hindiston, Eron va Turkiya fuqarolari ham ushbu tartibga amal qilishi kerak. Bundan tashqari, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun ham elektron ruxsatnoma olish nazarda tutilgan.

Ariza raqamli platforma orqali topshiriladi. Buning uchun mamlakatga kirishdan kamida 72 soat oldin murojaat qilish lozim. Ruxsatnoma bepul rasmiylashtiriladi va 180 kalendar kun davomida amal qiladi.

Elektron ruxsatnoma tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi:

2026 yil 1 noyabrdan ayrim nazorat-o‘tkazish punktlarida sinovdan o‘tkaziladi;

2027 yil yanvaridan Ostona va Olmaota aeroportlarida ishga tushiriladi;

2027 yil martdan qolgan barcha nazorat-o‘tkazish punktlarida qo‘llaniladi.

2027 yil 1 iyulgacha davom etadigan o‘tish davrida ruxsatnomaning yo‘qligi xorijiy fuqarolarning Qozog‘istonga kirishini rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

Quyidagi toifadagi shaxslar ushbu talabdan ozod etiladi:

16 yoshgacha bo‘lgan bolalar;

65 yoshdan oshgan shaxslar;

amaldagi Qozog‘iston vizasi yoki yashash guvohnomasiga ega xorijliklar;

diplomatlarning ayrim toifalari va rasmiy delegatsiyalar a’zolari.

Vizasiz rejim asosida mamlakatga kirgan xorijliklar umumiy qoidaga ko‘ra bir tashrif davomida 30 kungacha qolishi mumkin. Bunda 180 kunlik davr ichida mamlakatda bo‘lishning umumiy muddati 90 kundan oshmasligi kerak. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolari uchun esa 180 kunlik davr ichida Qozog‘istonda 90 kungacha bo‘lish muddati belgilangan.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing