Rossiyada qiyin vaziyatda qolgan yuzlab o‘zbekistonliklar ortga qaytarildi
Jamiyat
−
06 avgust 4286 1 daqiqa
Rossiyada qiyin vaziyatga tushib qolgan 597 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarildi. Ular orasida 110 nafar ayol va 228 nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning iyul oyida Moskva shahridagi vakolatxonaga murojaat qilgan jami 774 nafar o‘zbekistonlikka ijtimoiy, huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan. Xususan, 91 nafarga bir martalik moddiy yordam ajratilgan, 83 nafar boshpanasiz qolgan fuqaro bir oy muddatga bepul xostelga joylashtirilgan.
Shuningdek, og‘ir kasallikka chalingan 3 nafar migrantning davolanish xarajatlari qisman qoplab berilgan. Bir oy davomida 860 nafar murojaatchiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan. Jumladan, 64 nafarning 4 mln rubl miqdoridagi ish haqi undirilgan, 53 nafarga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan, 31 nafarning ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarilgan.
Qolaversa, ishsiz qolgan 220 nafar O‘zbekiston fuqarosi 7 ta korxonaga ishga joylashtirilgan. 712 nafar migrantga esa huquqiy maslahat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirgan migrantlar bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi