Atlantikadagi kemada hantavirus avj oldi. 3 sayyoh halok bo‘ldi
Olam
−
04 may 2898 2 daqiqa
Atlantika okeani bo‘ylab kruiz laynerida sayohat qilayotgan uch nafar sayyoh hantavirus tufayli vafot etdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mazkur holat yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kam uchraydigan hantavirus kasalligining tarqalishi Argentinadan yo‘lga chiqqan va Kabo-Verdeda langar tashlagan MV Hondius kemasida qayd etildi. Uch nafar sayyoh hayotdan ko‘z yumgan.
Halok bo‘lganlarning ikki nafari Niderlandiyadan bo‘lgan 70 va 69 yoshli er-xotin. Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, erkak kema bortida kasallanib, Muqaddas Yelena orolida vafot etgan, uning rafiqasi esa JARning Kempton-Park shahridagi shifoxonada jon bergan.
JAR Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi qurbon – kema bortida ahvoli yomonlashgan 69 yoshli Buyuk Britaniya fuqarosi Yoxannesburgdagi xususiy tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Unda hantavirus aniqlangan. Hozirda JSST tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, hantavirus – bu asosan kemiruvchilar (sichqon va kalamushlar) orqali yuqadigan xavfli virusli kasalliklar guruhidir. U inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, hantavirus ikkita jiddiy sindromga ega:
- hantavirusli o‘pka sindromi;
- buyraklarga zarar yetkazuvchi og‘ir kasallik – buyrak sindromli gemorragik isitma.
Hantavirus bilan kasallanish kam uchrasa-da, virus odamdan odamga yuqishi mumkin. Hozircha unga qarshi maxsus davolash usuli yoki dori vositasi mavjud emas, biroq tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilish omon qolish imkoniyatini oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Aomori prefekturasida parranda grippi avj olgani sababli 230 ming bosh tovuq yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi