JSST hantavirus haqida yangi ma’lumot e’lon qildi
Olam
−
16 may 6549 2 daqiqa
Genetik tahlillar va avvalgi namunalar bilan solishtirishlarda hozircha hantavirusning osonroq yuqa boshlagani yoki kasallikning yanada og‘irroq kechishiga sabab bo‘layotgani belgilari aniqlanmadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) eksperti Mariya Van Kerkxove ma’lum qildi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Hondius MV kruiz kemasiga hantavirusning Janubiy Amerikaga xos bo‘lgan varianti – “Andes” shtammi olib kirilgan. U odatda to‘g‘ridan to‘g‘ri kemiruvchilardan, masalan, chang tarkibidagi tezak zarrachalari orqali yuqadi. Tashkilotning taxmin qilishicha, birinchi bemor niderlandiyalik yo‘lovchi bo‘lib, u Argentinada kemaga chiqishdan avval, Janubiy Amerikaning quruqlikdagi hududida yuqtirib olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u kruizdan oldin qushlarni kuzatish jarayonida kemiruvchilar bilan aloqada bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Genetik tahlil shuni ko‘rsatdiki, qolgan kasallanish holatlari, ehtimol, odamdan odamga yuqish orqali sodir bo‘lgan. Niderlandiyalik fuqaro va uning rafiqasi vafot etgan, shuningdek, Hondius MV kemasining Germaniyadan bo‘lgan yana bir yo‘lovchi ayoli ham hayotdan ko‘z yumgan. Jami 10 kishi virusni yuqtirgan bo‘lib, ulardan 8 ta holat laboratoriya sharoitida tasdiqlangan. Kemada 150 ga yaqin kishi bo‘lgan, ular hozirda karantinga olingan, kasallikning yashirin davri 40 kundan ortiq davom etishi mumkin.
“Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli ushbu kasallik tarqalishi tez orada bartaraf etilishi ehtimoli juda yuqori. Buning ustiga, kemadagi barcha turistlar sog‘liqni saqlash tizimi rivojlangan sanoatlashgan davlatlardan. Hozirda ularning barcha aloqalari aniqlanib, karantin choralari ko‘rilmoqda. Shu sababli, men ushbu avj olish to‘xtatilishini taxmin qilyapman”, deydi Galvestondagi Texas universiteti tibbiyot bo‘limi virusologi Aleksandr Bukreyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagani haqida xabar berilgan edi.