JSST hantavirus bo‘yicha yangi holatlarni ma’lum qildi
Olam
−
23 may 3557 1 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hantavirus bilan kasallanish holatlari 12 nafarga yetganini, 3 kishi vafot etganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, barcha holatlar MV Hondius kruiz kemasida yuz bergan epidemiya bilan bog‘liq.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiya yana bir yangi kasallanish holatini tasdiqlagan. Kasallangan shaxs Ispaniyaning Tenerife orolida kemadan tushgan, keyinchalik vataniga qaytarilgan va o‘zini izolyatsiya qilgan.
Hozirgacha 12 ta kasallanish holati va 3 ta o‘lim qayd etilgan. Joriy yilning 2 may kuni JSST birinchi holat haqida xabar bergan bo‘lsa-da, shundan buyon yangi o‘limlar qayd etilmagan.
JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus zarar ko‘rgan davlatlarga karantin muddati tugaguniga qadar barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini qat’iy nazorat qilishni tavsiya qilgan.
Hozirda 30 dan ortiq mamlakatda 600 dan ortiq aloqada bo‘lgan shaxslar nazoratga olingan. Yuqori xavf guruhidagi kontaktlarni aniqlash ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda hantavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari qayd etilmaganini aytgandi.
Live
Barchasi