Atamboyevning qamalishida ham, ozod etilishida ham adolat hidi kelmayapti – siyosatshunos
Olam
−
15 fevral 2023 14214 3 daqiqa
Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emil Jo‘rayev mamlakat sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning qamoqdan ozod etilishi adolatli bo‘lmaganini aytdi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida keltirgan.
Ekspertning fikricha, jamiyat 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq davlat rahbari nima uchun oliy sud birgina imzosi bilan birdaniga qamoqdan ozod etilganini bilishga haqli.
Uning qayd etishicha, Atamboyev qanday sud qilingan bo‘lsa, xuddi shunday tarzda, har qanday huquqiy normalarni buzgan holda ozod qilindi.
“Uning hukmida ham, ozod etilishida ham hali adolat hidi kelmayapti. Agar kecha adolat tiklangan bo‘lsa, ko‘p odamlar hech bo‘lmaganda sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilishi kerak edi. Agar ular allaqachon hukm qilingan shaxsni shu qadar tez va oson ozod qilishga muvaffaq bo‘lishsa, bundan ham uzoq vaqt oldin ular Kampirobod suv omborini qo‘riqlash qo‘mitasining hibsga olingan a’zolariga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirishi mumkin edi”, deydi siyosatshunos.
U sobiq Prezidentning hibsda qolishi hukumat barqarorligiga tahdid solishi uchungina ozod etilganiga shubha bildirgan.
“Agar Atamboyevda bunday muammolarni yaratishga qodir bo‘lsa, uni qamab qo‘ygan ma’qul. Ular boshqa sabablarga ko‘ra qo‘yib yuborilgan. Bizga qaysi biri aytilmagan. Shuning uchun biz taxmin qilmoqdamiz”, deydi Emil Jo‘rayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyev bayram qilmoqda va u umuman kasal emas.
Siyosatshunosning ta’kidlashicha, Atamboyevga nisbatan qilingan barcha ishlar, sobiq Prezidentning daxlsizligi olib tashlanganidan tortib, uni ozod qilish to‘g‘risidagi qarorigacha qonunga tupurishning butun majmuasidir.
“Bu voqeadan Qirg‘iziston xalqi bir narsani ko‘radi: jinoyat va jazo qonun bilan bog‘liq emas”, deydi u.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda Atamboyev 2013 yilda qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilingani bilan bog‘liq ish yuzasidan 11 yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Bundan tashqari, Atamboyev 2019 yilning 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar, korrupsiya va “pul yuvish”, Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish bilan bog‘liq ishlar bilan ayblangan.
2022 yil 16 iyun kuni Atamboyev Bishkekdagi Kalis-Ordo turar-joy massivida maktab qurilishi va Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha oqlangan edi.
2022 yil 28 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Atamboyevni 2020 yil oktyabr oyida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik ishida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlagan.
Almazbek Atamboyev davrida Bosh vazir bo‘lgan Sooronbay Jeenbekov 2017 – 2020 yillarda mamlakat Prezidenti lavozimini egalladi va u boshqaruvga keliboq Atamboyevni qamoqqa tashladi.
Almazbek Atamboyev va Sooranbay Jeenbekov 2017 yili o‘tgan prezidentlik saylovigacha yaqin do‘st bo‘lishgan. Biroq, Jeenbekov Prezident bo‘lganidan keyin o‘rtada janjal chiqqan.
Kelishmovchilikdan keyin Atamboyev bir necha marta Jeenbekov nomiga tanqidiy fikrlarni aytgan. Atamboyev Jeenbekovga prezidentlik lavozimiga kelishga ham yordam berganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Ammo xalq uning natijasidan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirdi. Natijada mamlakatda tartibsizlik va talonchilik avj oldi.
Namoyishlar oqibatida mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov va Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.
Live
Barchasi