Atamboyev taslim bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘izistondagi spektakl davom etmoqda. Sobiq Prezident Almazbek Atamboyev huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olingan. Bu haqda sobiq davlat rahbarining qarorgohidan TASSga xabar kelib tushgan. 

“Atamboyevni yashash joyidan huquq-tartibot idoralari xodimlari olib chiqib ketishgan”,  degan bosh shtab vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyevning bir necha sheriklari, jumladan Prezident apparati sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq prezident bilan birga, Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi yashash joyidan olib chiqilgan. 

Qirg‘izistonning sobiq Prezidentini hibsga olish bo‘yicha maxsus operatsiya deyarli bir kun davom etdi. Chorshanba kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining maxsus kuchlari Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida Atamboyevni qo‘lga olishga uringan, ammo u muvaffaqiyatsiz tugagan edi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.

Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.

Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyorligini aytdi.

22 iyul kuni Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga kelgandi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev

Baholaganlar

171

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing